Andijonda qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish va mexanizatsiya darajasini oshirish maqsadida yangi "Andijan Yashil Energiya" klaster markazi faoliyatini boshladi. Markaz "O'zavtosanoat" AJ, Andijon viloyati hokimligi, "Agrobank" ATB hamda "AgroTech Klaster" hamkorligida tashkil etilgan bo'lib, fermer va tadbirkorlarni zamonaviy texnikalar bilan ta'minlash, ularni sotib olishni moliyalashtirish va servis xizmatlarini bir joyda jamlagan.
Markazning ochilish marosimida Andijon, Farg'ona va Namangan viloyatlaridan kelgan soha mutasaddilari va fermerlar qatnashdi. Majmua fermerlarga xizmatlarni komplex va yagona darcha tizimida ko'rsatish tamoyiliga asoslangan - endilikda soha vakillari bir joyning o'zida "AgroTech Klaster" brendi ostidagi texnikalarni sotib olish, "Agrobank"ning imtiyozli moliyaviy xizmatlaridan foydalanish, kafolatli ta'mirlash va ehtiyot qismlar sotib olish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Markazning muhim jihati shundaki, unda maxsus jihozlangan avtoulovlar orqali bevosita dala sharoitida tezkor sayyor texnik xizmat ko'rsatish tizimi ham yo'lga qo'yilgan - bu ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta'minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda zamonaviy texnika operatorlarini tayyorlash uchun maxsus o'quv markazi ham tashkil etilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar markaz infratuzilmasi, texnikalar ko'rgazmasi, ehtiyot qismlar ombori hamda sayyor servis mashinalarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.



