Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ma'lumot berishicha, viloyatda buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi va merosiga bag'ishlangan "Boburiylar yodgorligi" nomli yangi ilmiy-ma'rifiy majmua barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihaga ko'ra, majmua zamonaviy arxitektura yechimlari va infratuzilmani o'zida mujassam etadi. Uning markazida ochiq kitobni eslatuvchi interaktiv muzey bino qad ko'taradi, bunda qadimiy qo'lyozmalar, tarixiy buyumlar, harbiy va maishiy anjomlar, shuningdek "Boburnoma" asarining nusxalari namoyish etiladi.

Majmua hududida Boburning 26 metrlik ulkan haykali o'rnatiladi. Bobur hayoti va ijodini zamonaviy usulda - 5D texnologiyalar, video proyeksiyalar, yorug'lik va tovush effektlari yordamida namoyish etish rejalashtirilgan.

Matbuot xizmatining ta'kidlashicha, yangi majmua tarix va zamonaviy texnologiyalar tutashadigan ma'naviy makonga aylanishi kutilmoqda. Loyihaning aniq qiymati va qurilish muddatlari haqida hozircha rasmiy ma'lumot e'lon qilinmagan.