O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati (O‘zgidromet) mamlakatning to‘qqizta viloyatida sel va toshqin xavfi yuzaga kelishi mumkinligi haqida shoshilinch ogohlantirish e’lon qildi. Ro‘yxatga Andijon viloyati ham kiritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod va Marhamat tumanlari, shuningdek, Xonobod shahri hududlarida tog‘ oldi va tog‘li joylarda sel hamda toshqin kelish xavfi mavjudligi ta’kidlangan.
Mutaxassislar ayrim hududlarda yomg‘ir suvlarining to‘planishi natijasida mahalliy toshqinlar yuzaga kelishi mumkinligini ham qayd etishmoqda.
Shu munosabat bilan tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam olish maskanlarida bo‘lganlar hamda ushbu yo‘nalishlarda transport vositalarini haydayotgan haydovchilarga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etilmoqda.



