Andijon viloyati bojxona boshqarmasi boshlig'i Q. Umarov viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan muloqot o'tkazib, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni joyida o'rganish borasidagi ishlarni davom ettirmoqda. Navbatdagi tashrif doirasida "Mubina Grand" MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Muloqot chog'ida korxonaning qayta ishlash rejimiga joylashtirilgan tovarlari bo'yicha ruxsatnoma muddatini uzaytirish haqidagi murojaati atroflicha ko'rib chiqildi va joyida hal etildi. Shuningdek, murojaat ijrosini ta'minlash yuzasidan boshqarmaning tegishli bo'linmalariga aniq topshiriqlar berildi.

Ma'lum bo'lishicha, korxona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo'lib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning butun hajmi eksportga yo'naltirilgan. Joriy yil boshidan buyon 2 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi mahsulot Rossiya va Armanistonga yetkazib berilgan. Hozirda korxonada 200 nafardan ortiq doimiy ish o'rni mavjud bo'lib, ishlab chiqarish quvvatlari to'liq ishga tushirilgach, bu ko'rsatkichni 600 nafargacha oshirish rejalashtirilgan.