Xo'jaobod tumani tibbiyot xodimlari Xidirsha mahallasida navbatdagi tibbiy-profilaktik tadbirni tashkil etdilar. Tadbir chog'ida mahalla aholisining sog'lig'i ko'rikdan o'tkazilib, fuqarolarga shifokorlar tomonidan tibbiy maslahatlar berildi.

Tashkilotchilar kasalliklarning oldini olish, sog'lom turmush tarziga rioya qilish va kasalliklarni erta aniqlashning muhimligi haqida tushuntirish ishlarini olib bordilar. Xususan, ratsionda vitaminlarga boy mahsulotlardan foydalanish va yetarli miqdorda suv ichish, kunlik ertalabki badantarbiya va piyoda yurishning yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishdagi o'rni haqida gapirildi.

Shuningdek, yuqumli bo'lmagan turli kasalliklarni barvaqt aniqlash uchun o'z vaqtida tibbiy ko'rikdan o'tib turish zarurligi ta'kidlandi. Mutaxassislar kasallikni davolashdan ko'ra, uning oldini olish ancha afzal ekanligini uqtirdilar.





