Asaka tumanidagi Turon mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan Turon ko'chasida bir tadbirkorga tegishli yer uchastkasining 139 kvadrat metrlik qismiga boshqa shaxs tomonidan o'zboshimchalik bilan qurilma qurib olingani aniqlangan edi.
Fuqarolik ishlari bo'yicha Asaka tumanlararo sudining shu yilning 6-iyuldagi ijro varaqasiga asosan, ushbu noqonuniy qurilmani buzib tashlash talab etilgan. Mazkur ijro hujjati ijrosini ta'minlash vazifasi Majburiy ijro byurosining Asaka tuman bo'limiga yuklatilgan.
Byuro xodimlari javobgar shaxsni sud hujjatidagi talablarni o'z ixtiyori bilan bajarishga ogohlantirgan, biroq bu talablar bajarilmagan. Shu sababli davlat ijrochilari hamkor tashkilotlar ishtirokida majburiy ijro choralarini qo'llab, noqonuniy qurilmani bartaraf etdi.
Natijada tadbirkorning o'z yer maydonidan to'siqsiz foydalanish va faoliyatini erkin davom ettirish huquqi tiklandi.



