Paxtaobod tumanida O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi Xusan Botirov ishtirokida tuman yoshlari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tuman tibbiyot texnikumida bo'lib o'tgan uchrashuvda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy-vatanparvarlik yo'nalishidagi bilim va ko'nikmalarini oshirish, shuningdek, texnik va sport yo'nalishlariga qiziqishini kuchaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Muloqot davomida tashkilot faoliyati, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda kelgusidagi rejalar haqida fikr almashildi. Yoshlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, o'z taklif va mulohazalarini bildirdilar.