Bugun, 5-noyabr kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Qirg'iziston Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonqul Chotonov bilan rasmiy uchrashuv o'tkazdi.

Samimiy muhitda o'tgan muloqotda ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklik, yaxshi qo'shnichilik va do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Taraflar Andijon viloyati va Qirg'iziston Respublikasining chegaradosh hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar hamkorlik ko'lamini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha o'zaro manfaatli mexanizmlarni yo'lga qo'yish yuzasidan fikr almashildi. Yakunida transport-logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda qo'shma tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga kelishib olindi.




