Andijon viloyati bojxona boshqarmasining "Xonobod" chegara bojxona posti xodimlari qo'shni respublikadan O'zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarni odatdagi bojxona nazoratidan o'tkazish chog'ida deklaratsiya qilinmagan zargarlik buyumlarini aniqladi.

Nazorat chog'ida fuqarolardan biridan og'zaki so'rov o'tkazilganda, u yonidagi buyumlarni oddiy bijuteriya deb tanishtirgan. Biroq keyingi tekshiruvda bu sariq rangli metalldan yasalgan, umumiy og'irligi 46 grammni tashkil etgan 2 dona bilak uzuk ekanligi ma'lum bo'ldi.

U bilan birga harakatlangan yana bir fuqarodan ham xuddi shunday tartibda oldindan deklaratsiya qilinmagan, umumiy og'irligi 40 gramm bo'lgan 2 dona bilak uzuk topildi. Natijada ikki fuqarodan jami 4 dona, umumiy og'irligi 86 gramm zargarlik buyumi aniqlandi.

Aniqlangan buyumlar belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi. Bojxona boshqarmasi voqea yuzasidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma'lum qildi.