Ijtimoiy tarmoqlarda Xoʻjaobod tumani Fayzobod mahallasi hududida qayrilib olish joyi yopilgani haqida tarqalgan xabarga munosabat bildirib, Andijon viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi axborot xizmati rasmiy izoh berdi.

Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, Xoʻjaobod tumani Fayzobod mahallasi hududidan oʻtuvchi A-373 "Toshkent — Oʻsh" xalqaro avtomobil yoʻlining 367-kilometr va 500-metrida tartibga solingan piyodalar oʻtish joylari, shuningdek 368-kilometrida tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyi mavjud boʻlgan.

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, piyodalar va haydovchilar hayotini muhofaza qilish hamda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida tegishli choralar koʻrilgan. Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining taqdimnomasiga asosan, mazkur yoʻl qismida noqonuniy tashkil etilgan qayrilib olish joyi yopilgan.

Boshqarma taʼkidlashicha, bu chora aynan shu hududda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va yoʻl harakati ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.