Ulug'nor tumani press-xizmatining ma'lumot berishicha, tuman hokimi M. Ahmadjonov xitoylik investorlar bilan uchrashib, hududda baliqchilik sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar davomida intensiv baliq yetishtirish usullarini joriy etish, shuningdek baliq yemi ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Taraflar mavjud resurslardan samarali foydalanish yo'llarini muhokama qilishdi.

Uchrashuv ishtirokchilari loyiha amalga oshirilishi mo'ljallangan hududlarga borib, joyidan tanishishdi. Kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha fikr almashinuv bo'lib o'tdi.

Hozircha loyihaning aniq investitsiya hajmi, ishga tushirilishi kutilayotgan muddatlari yoki tashkil etiladigan ish o'rinlari soni haqida rasmiy ma'lumot e'lon qilinmagan.