Andijon viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati Qo'rg'ontepa tumanidagi shoshilinch tibbiy yordam muassasasida qon va uning komponentlaridan foydalanish yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Boshqarma xabariga ko'ra, hozirgacha tuman markaziy poliklinikasi tarkibida faoliyat yuritib kelayotgan qon xizmati endilikda tuman markaziy shifoxonasi tarkibida qayta tashkil etiladi. Bu qadam shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni zarur qon komponentlari bilan tezroq va samaraliroq ta'minlash maqsadida qo'yilmoqda.
Rasmiylarning ta'kidlashicha, qon xizmatida donorlarni jalb qilish, qon olish, uni guruhlarga ajratish, laboratoriya tekshiruvlaridan o'tkazish va saqlash ishlari belgilangan tibbiy me'yorlar asosida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go'yoki qon pullik sotilayotgani haqidagi da'volar bo'yicha tekshiruv boshlangani va aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan tegishli choralar ko'rilishi aytilgan.
Boshqarma bemorlar xavfsizligi va shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish jarayonining uzluksizligini sog'liqni saqlash tizimining ustuvor vazifalaridan biri sifatida ta'kidladi.



