Davlat bojxona qo'mitasida qo'mita raisining birinchi o'rinbosari G'ayratjon Nasirov Qozog'iston Respublikasi elchixonasining maslahatchi-vakili A.Kiikov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda O'zbekiston tomonidagi "G'ishtko'prik" va Qozog'iston tomonidagi "Jibek yo'li" chegara bojxona postlarida qurilish ishlarini yakunlash hamda ularni foydalanishga topshirish masalalari muhokama qilindi.
Qozog'iston vakili "Jibek yo'li" postida qurilish-montaj ishlari yakunlanganini va postni ochishga tayyorgarlik ko'rilayotganini ma'lum qildi. O'z navbatida, o'zbek tomoni "G'ishtko'prik" postining tayyorligini ta'kidlab, obyekt infratuzilmasi aks etgan videomateriallarni taqdim etdi. Tomonlar ikki postni bir vaqtning o'zida rasmiy ochish sanasini kelishib olish borasida ishni davom ettirishga rozi bo'lishdi.
Shuningdek, uchrashuvda ikki davlat o'rtasidagi bojxona va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari ham ko'rib chiqildi.



