Belarusning Vitebsk viloyatida joylashgan Olgovskoye ishlab chiqarish kooperativi dalalarida O'zbekistondan olib kelingan "Qizil may" nomli qish sarimsoqpiyoz navini sinov tariqasida ekish ishlari boshlandi. Bu nav mazkur hududda birinchi marta ekilmoqda.

Loyiha doirasida 2,5 gektar yer maydoni ajratilgan bo'lib, birinchi hosilni 2027-yil iyul oyida yig'ib olish rejalashtirilgan. Ekish ishlarini o'zbek agronomlari mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda amalga oshirmoqda.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, sarimsoqpiyozni ekishda Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi "Texmash" qo'shma korxonasining maxsus texnikasidan foydalanilmoqda. Mutaxassislar Belarus iqlim sharoitida qaysi usul yuqori hosil berishini aniqlash maqsadida ikki xil ekish sxemasini — 75 santimetr masofadagi ikki qatorli va 40 santimetr masofadagi uch qatorli usulni — sinovdan o'tkazishmoqda.

Olgovskoye kooperativining bosh agronomi Olga Yakovleva ekinning o'sish jarayoni muntazam kuzatib borilayotganini ma'lum qildi. Shu mavsumda o'zbek sarimsoqpiyozini L. Dovator nomidagi Ulla davlat kolleji dalalarida ham ekish rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, Vitebsk viloyati bilan O'zbekiston, xususan Andijon viloyati o'rtasidagi qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlik so'nggi paytlarda kengayib bormoqda. Ilgari Vitebskda 2 ming gektar yer o'zbek fermerlariga kartoshka yetishtirish uchun ajratilgan bo'lib, qo'shma chorvachilik loyihalari ham amalga oshirilmoqda.