Yaqinda O'zbekiston Prezidentining ta'lim tizimida o'rnak ko'rsatgan xodimlarni mukofotlash to'g'risidagi farmoni e'lon qilindi. Farmonga ko'ra, mamlakat bo'ylab ko'plab o'qituvchi va murabbiylar qatorida Andijon viloyatidan ham besh nafar pedagog davlat mukofotlariga sazovor bo'ldi.

Oltinko'l tumanidagi 2-maktab jismoniy tarbiya o'qituvchisi Botirbek Muqimov "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sport ustozi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Shahrixon tumani ixtisoslashtirilgan maktabining fizika o'qituvchisi Dilmurod Yo'ldashev "Mehnat shuhrati" ordeniga sazovor bo'ldi.

Asaka tumanidagi 57-maktab direktori Obidaxon Hakimova II darajali "Sog'lom avlod uchun" ordeni bilan, Xonobod shahridagi 2-maktab boshlang'ich sinf o'qituvchisi Laura Begisheva "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlandi. Izboskan tumanidagi 19-maktab iqtisod fani o'qituvchisi Odinaxon Ismoilova esa "Shuhrat" medaliga sazovor bo'ldi.

Mukofotlar 1-oktabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni arafasida topshirildi. Bu farmon mamlakatda ta'lim sohasi xodimlarining mehnatini yuqori baholash siyosati doirasida qabul qilingan.