Andijon viloyati Majburiy ijro byurosining Oltinko'l tuman bo'limi fuqaro O. Sattarovning ijtimoiy tarmoqdagi murojaatiga rasmiy javob berdi. Sattarov tabiiy gaz qarzi bo'yicha asossiz ravishda hisoblangan summa uchun javobgarlikka tortilganini ta'kidlagan edi.
Byuro ma'lumotiga ko'ra, xususiy notarius tomonidan 2026-yil 28-iyulda tuzilgan ijro varaqasiga asosan, Sattarovning "Hududgazta'minot" AJ oldida 3 million 995 ming 810 so'm miqdorida qarzi mavjud. Ushbu qarzni undirish maqsadida byuro tomonidan uning avtomobili va ko'chmas mulkiga cheklov qo'yilgan, 2026-yil 9-sentabrda esa transport vositasini qidiruvga berish to'g'risida qaror chiqarilgan.
Sattarovning "Hududiy elektr tarmoqlari" AJda ishlashi aniqlangach, 2026-yil 21-avgustdan boshlab uning ish haqidan ma'lum qismi qarzni qoplash hisobiga ushlab qolina boshlangan.
Byuro shuningdek, Sattarov qarzning asosini tashkil etuvchi notarial ijro varaqasiga, uni chiqargan notarius orqali e'tiroz bildirish huquqiga ega ekanligini eslatib o'tdi.
