Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi fuqaro M.Mamadaliyevning ijtimoiy tarmoqdagi videomurojaati yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi. Fuqaro byuroning Andijon shahar bo'limi ishida ko'rilayotgan bir ijro ishi bo'yicha qarzdorning mulki auksion orqali sotilishidan norozilik bildirgan edi.
Byuro ma'lumotiga ko'ra, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 5-iyundagi ijro varaqasiga asosan, ikki MChJ — "I.S.F.SH" va "Q.L" — "Ipak yo'li" banki foydasiga 29,5 ming AQSh dollari asosiy qarz, 476,7 AQSh dollari foiz va 30 000 so'm pochta xarajatlarini to'lashi belgilangan edi. Ushbu qarz uchun garovga qo'yilgan, Andijon shahrida joylashgan savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchasi dastlab 581,5 million so'mga baholangan va 443,5 million so'mga garovga qabul qilingan bo'lib, 2024-yil sentyabrda shu narxda auksion savdosiga chiqarilgan.
Dastlab 2024-yil 29-noyabrga rejalashtirilgan savdo sud qarori bilan to'xtatilgan, biroq keyinchalik 2025-yil 28-martga qayta belgilangan. Byuro ma'lumotiga ko'ra, qarzdor vakili qarzni aynan shu kuni to'lagan. Biroq bank tomonidan qarz yopilgani haqidagi ma'lumotnoma davlat ijrochisiga soat 9:46da, idoraga esa 9:55da yetib kelgan, holbuki auksionni bekor qilish uchun so'rov savdo boshlanishidan oldin — soat 9:50gacha tizimga kiritilishi shart bo'lgan.
Shu sababli auksion tashkilotchisi savdoni to'xtatishni rad etgan va mulk soat 10:00da boshlangan savdoda 798,3 million so'mga sotilgan. Sotuvdan tushgan mablag'ning 99 foizi, ya'ni 790,3 million so'm, byuroning Andijon shahar bo'limi hisobiga o'tkazilgan, mulk esa auksion g'olibi J.Abdurahmanovga topshirilgan. Byuro tekshiruv natijasida ishga mas'ul davlat ijrochisining harakatlarida hech qanday qonunbuzilish aniqlanmaganini ma'lum qildi.



