Marhamat tumani sport maktabining shaxmat bo'yicha iqtidorli o'quvchilari Qirg'iziston Respublikasining O'sh shahrida o'tkazilgan "O'sh shahri meri kubogi" xalqaro shaxmat musobaqasida qatnashib, yuqori natijalarga erishdi.

Nufuzli turnirda Qirg'iziston, Hindiston va Rossiya kabi davlatlardan kelgan shaxmatchilar bellashdi. Musobaqa yakunida marhamatlik yosh sportchilar jamoasi bir qancha medalni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi.
8 yoshgacha bo'lgan o'g'il bolalar o'rtasidagi bellashuvda Fayzullo Shoirjonov birinchi, Yaxyobek Sheraliyev ikkinchi o'rinni egalladi. Qizlar toifasida esa Farzona Abdumutalipova 10 yoshgacha bo'lganlar o'rtasida, Odinaxon Zuxriddinova 12 yoshgacha bo'lganlar o'rtasida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
Marhamat tumani sport maktabi jamoasi barcha g'olib va sovrindor o'quvchilarini ushbu yutuqlar bilan tabrikladi.



