Marhamat tumani prokurori Ulug'bek Azimov tuman aholisiga murojaat qilib, 2026-yilda mahallalarda jami 120 ta jinoyat sodir etilganini, shulardan 43 tasini oldini olish mumkin bo'lganini ma'lum qildi. Bu holatlarning sabablari o'rganilib, mahalla jamoatchiligi bilan birgalikda muhokama qilingani va yo'l qo'yilgan kamchiliklar uchun mas'ul shaxslarga intizomiy choralar ko'rilayotgani aytildi.
Murojaatda ta'kidlanishicha, tumanda qasddan badanga og'ir va yengil tan jarohati yetkazish, o'g'irlik hamda bezorilik jinoyatlari joriy yilning o'tgan davrida ortib ketgan. Shu bilan birga, aholi gavjum joylar, maktablar va mahallalarning kirish-chiqish yo'llariga videokuzatuv moslamalari o'rnatilgani, bozor va savdo do'konlari, yashash xonadonlari qo'riqlovga olingani, ko'p qavatli uylarning kirish-chiqish eshiklari xavfsizroq qilib ta'mirlangani bildirildi.
Prokuratura shuningdek, probatsiya va profilaktika hisobidagi shaxslar, ilgari jinoyat sodir etgan fuqarolar bilan uchrashuvlar o'tkazilayotganini, aholi o'rtasida mol-mulk va xonadonlarni ichki ishlar bo'limi qo'riqlovi ostiga topshirish bo'yicha targ'ibot ishlari olib borilayotganini qayd etdi. Fuqarolarga har qanday shubhali holat yuzaga kelganda darhol mas'ul organlarga xabar berish tavsiya etilmoqda.



