Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov sog'liqni saqlash sohasi vakillari, shifokorlar va tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o'tkazdi. Uchrashuvda aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, inson sog'ligini muhofaza qilish va tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida aholi salomatligini mustahkamlash va kasalliklarni erta aniqlash yo'nalishida bajarilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, chekka hududlarda tibbiy xizmat qamrovi va sifatini oshirish, tizimli skrining tekshiruvlarini yo'lga qo'yish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo'yicha soha rahbarlariga aniq va muddatli topshiriqlar berildi.

Shifokorlar va tibbiyot xodimlarining tizim faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo'yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.