Andijon viloyati IIB Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash bo'limi (YHXB) axborot xizmatining ma'lumot berishicha, Marhamat tumanidagi Buyuk Turon ko'chasida joylashgan 23-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti qarshisida noqonuniy hol aniqlangan.
Tuman YHXB xodimlari tekshiruv chog'ida "Labo" rusumidagi avtomobilning orqa yuk tashish qismida olti nafar voyaga yetmagan bolani tashiganini aniqlashgan. 2000-yilda tug'ilgan haydovchi E.Sh. haqida ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 128-8-moddasiga asosan haydovchiga eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solingan.

YHXB xizmati bolalarni tashishda yo'l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilish zarurligini, xususan, ularni yuk tashish uchun mo'ljallangan qismlarda tashish taqiqlanganini yana bir bor eslatib o'tdi.




