Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Jalaquduq tumani Qilichmozor mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan tibbiy punkt faoliyati, muassasadagi sanitariya holati, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ta'mirlash ishlari yuzasidan murojaat tarqalgan edi.
Murojaatda ko'tarilgan masalalar tegishli mas'ullar ishtirokida o'rganildi. O'rganish davomida tibbiy muassasaning sanitariya holati, mavjud infratuzilma, bemorlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, binoning kosmetik va boshqa ta'mirlash ishlariga bo'lgan ehtiyoj inobatga olindi.
Muassasada zarur sanitariya holatini yaxshilash, kosmetik va boshqa ta'mirlash ishlarini amalga oshirish tuman tibbiyot birlashmasining mavjud moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich rejalashtirildi.
Shuningdek, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun hududiy hokimlik mas'ullari bilan hamkorlikda qo'shimcha mablag'lar jalb etish, tibbiyot birlashmasining ichki imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini reja asosida amalga oshirish belgilandi.



