Davlat xavfsizlik xizmati, chegara qo'shinlari va bojxona idoralari hamkorlikda o'tkazgan tezkor tadbirlar natijasida Andijon va Farg'ona viloyatlarida noqonuniy aylanmadagi kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari hamda giyohvandlik moddalari musodara qilindi.
Andijon viloyatining Izboskan tumani hududida Toshkent tomon harakatlanayotgan "Lacetti" markali avtomobil to'xtatib tekshirilgan. Haydovchi — 1986-yilda tug'ilgan, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, ilgari sudlangan shaxs ekani aniqlangan. Avtomobil salonidan 1400 dona "Regapen" nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositasi topib olingan.
Shunga o'xshash tadbirlar Farg'ona viloyatida ham o'tkazilgan. Qo'qon shahrida 1976-yilda tug'ilgan fuqaroning sumkasidan 1092 dona "Regapen" va 200 gramm gashish moddasi chiqqan. Uchko'prik tumani hududida esa Marg'ilondan Qo'qon tomon harakatlanayotgan VAZ-21017 markali avtomobil to'xtatilib, 1985-yilda tug'ilgan, Qo'qonda istiqomat qiluvchi haydovchidan 99 dona "Tropikamid" nomli preparat topilgan.
Har uchala holat bo'yicha jinoyat ishlari qo'zg'atilgan bo'lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashni davom ettirishini ma'lum qilmoqda.



