Izboskan tumani Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo'limi soxta mobil ilovalar (APK-fayllar) orqali fuqarolarni aldashga urinayotgan firibgarlar haqida ogohlantirish e'lon qildi.
Xabarda ko'rsatilishicha, firibgarlar bank va to'lov tizimlarini taqlid qiluvchi soxta ilovalar orqali plastik karta ma'lumotlari va SMS-kodlarni o'g'irlashi mumkin. Shuningdek, "sizga bonus yoki pul tushdi" degan mazmundagi soxta xabarlar, davlat idoralari nomidan yaratilgan qalbaki ilovalar orqali jarima yoki hujjat taqdim etish bahonasida pul undirish, hamda pochta jo'natmalarini yetkazib berish deb ataluvchi zararli ilovalar orqali qurilmaga ruxsatsiz kirish holatlari ham qayd etilgan.
Bo'lim aholini bunday firibgarlik holatlaridan himoyalanish uchun "APK Guard" himoya dasturini o'rnatishga va noma'lum manbalardan yuklab olingan ilovalarga ishonmaslikka chaqirdi.



