Baliqchi tumanidagi Siza mahallasida savat to'qish hunarmandchiligi qadimdan davom etib kelayotgan an'analardan biri sanaladi. Mahalla aholisi tomorqalarida tol novdalari yetishtirib, ulardan turli ko'rinishdagi savatlar tayyorlaydi.
Hozirda mahalladagi yuzlab xonadonlar shu hunar bilan shug'ullanib, oilaviy daromad manbai yaratmoqda. Mahalliy hunarmandlar tayyorlagan mahsulotlarga talab yuqori bo'lib, ular nafaqat ichki bozorda, balki qo'shni respublikalarda ham xaridorgir bo'lmoqda.
Bunday tajriba milliy hunarmandchilik an'analarini asrash, aholi bandligini ta'minlash va mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



