Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar va Andijon viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbiri natijasida uyida qalbaki pul tayyorlab, uni muomalaga chiqargan shaxs fosh etildi.
Ma‘lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi — Asaka tumanida istiqomat qiluvchi, 1987-yilda tug‘ilgan va ilgari firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro. U 100 ming va 200 ming so‘mlik nominaldagi soxta banknotlardan iborat, umumiy qiymati 297 million so‘mga teng qalbaki pulni “xaridor”ga 148 million so‘mga sotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushirilgan.
Uning turar joyida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida qalbaki banknotlar tayyorlashda foydalanilgan kompyuter, “Epson” rusumli printer, maxsus A4 formatdagi qog‘ozlarga chop etilgan yarim tayyor 50 ming va 100 ming so‘mlik kupyuralar, shuningdek qog‘oz kesish uchun mo‘ljallangan uskunalar aniqlanib, protsessual tartibda olib qo‘yilgan.
Hozirda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ushbu fuqaro va unga aloqador boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 3-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida gumonlanuvchining boshqa jinoiy aloqalarini aniqlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.



