Asaka tumanida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko'rish doirasidagi ishlar davom etmoqda. Qadriyat mahalla fuqarolar yig'ini hududida yangi markaziy qozonxona qurilishi jadal olib borilayotgani ma'lum qilindi.
Tuman hokimligi matbuot xizmatining ma'lumotiga ko'ra, barpo etilayotgan qozonxona 19,5 megavatt quvvatga ega bo'lib, mahalladagi ko'p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik bilan ta'minlash maqsadida qurilmoqda.
Yangi inshoot ishga tushgach, 40 ta ko'p qavatli uy va 8 ta ijtimoiy soha obyekti markazlashgan isitish tizimiga ulanadi.
Hozirda qurilish-montaj ishlari jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda. Hokimlik bu loyihani aholini qish mavsumida barqaror va sifatli issiqlik bilan ta'minlashda muhim ahamiyatga ega deb baholadi.



