Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan 2026-yilgi Para Osiyo o'yinlarida Andijon shahar 2-son sport maktabi sportchisi Muslima Odilova yuksak natija ko'rsatdi.

Para suzish bo'yicha ayollar o'rtasidagi S13 klassida to'rtta masofada ishtirok etgan sportchi musobaqa yakunida bir oltin va uch bronza medalni qo'lga kiritdi.

U 100 metrga chalqancha suzishda 1 daqiqa 12,99 soniya natija bilan oltin medalga va Para Osiyo o'yinlari chempionligiga sazovor bo'ldi. Shuningdek, 100 metrga erkin uslubda suzishda 1 daqiqa 2,35 soniya, 100 metrga brass uslubida 1 daqiqa 30,11 soniya hamda 50 metrga erkin uslubda 28,66 soniya natijalar bilan uchta bronza medalni qo'lga kiritdi.

Sportchining murabbiyi Ravshanbek Amilov hisoblanadi. Andijon shahar 2-son sport maktabi jamoasi Muslima Odilova va uning murabbiyini ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi.