Andijon viloyati delegatsiyasi Xitoyning "China CAMC Engineering Co., Ltd." kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi. Muloqot davomida viloyatda ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, logistika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Xususan, Xonobod shahrida sutkasiga 100 ming kub metr ichimlik suvini tozalash quvvatiga ega inshoot barpo etish masalasi ko'rib chiqildi. Shuningdek, Xonobod-Asaka magistral suv quvurini qurish va xalqaro logistika markazini tashkil etish loyihalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Andijon shahrida oqova suvlarni tozalash inshootlarini barpo etish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Qayd etilgan loyihalarning investitsiya qiymati texnik-iqtisodiy o'rganishlar natijalariga ko'ra belgilanishi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yo'nalishlarda o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o'rganish hamda istiqboldagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.