Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo'limi xodimlari viloyat Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda Xo'jaobod va Bo'ston tumanlarida tezkor tadbirlar o'tkazdi.
Xo'jaobod tumanidagi "Yangi hayot" mahallasi hududida harakatlanayotgan oq rangli "Cobalt" rusumidagi avtomobil to'xtatilib, belgilangan tartibda ko'zdan kechirilgan. Tekshiruv chog'ida haydovchi eshigining cho'ntak qismida giyohvandlik vositasiga o'xshash jigarrang modda topilgan. O'tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko'ra, bu 149,47 gramm og'irlikdagi "gashish" ekanligi aniqlangan.
Shundan so'ng Bo'ston tumanidagi 44-sonli yo'l politsiyasi xizmati maskanida yana bir oq rangli "Cobalt" avtomobili to'xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilgan. Avtomobilning tom qismiga o'rnatilgan "TAKSI" yozuvli fonar ichidan giyohvandlik vositasiga o'xshash modda chiqqan, ekspertiza uning 210,92 gramm "gashish" ekanligini tasdiqlagan.
Ikki holatda qonunbuzarlardan olib qo'yilgan giyohvandlik vositasining umumiy og'irligi 360,39 grammni tashkil etgan. Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.



