Bosh prokuratura va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlaridan iborat respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida korruptsiyaga qarshi kurashish, korruptsiyaviy omillarning oldini olish hamda "Yoʻl xaritasi" ijrosi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazdi.

Oʻrganish natijalari viloyat Korruptsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining yigʻilishida respublika ishchi guruhi aʼzolari va hududdagi masʼullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy tarzda muhokama qilindi.

Yigʻilishda sohalarni raqamlashtirish orqali korruptsiyaviy xavflarni kamaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, avtotoʻxtash joylarida elektron dastur, zamonaviy kuzatuv kameralari va elektron toʻsiqlarning joriy etilgani, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida virtual kassa tizimining ishga tushirilishi natijasida tushumlar oshgani qayd etildi.

Shu bilan birga, hali ham xufyona aylanmalar saqlanib qolishiga imkon beruvchi omillar koʻrsatib oʻtildi. Yigʻilish yakunida raqamlashtirish jarayonlarini toʻliq yakunlash, inson omilini yanada qisqartirish va korruptsiyaviy xavflarni bartaraf etishga qaratilgan zarur taklif va tavsiyalar berildi.