Andijon viloyatida kolorektal saratonni erta aniqlash, zamonaviy endoskopik tekshiruv usullarini amaliyotga keng joriy etish hamda tibbiyot mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan xalqaro ta'lim dasturi boshlandi.
Dastur O'zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro Gustave Roussy International O'zbekiston tibbiyot markazi hamkorligida tashkil etilmoqda. Dastur hamkorlari qatorida Dana-Farber Cancer Institute va Brigham and Women's Hospital kabi nufuzli tibbiyot muassasalari ham bor.
Dastur doirasida AQSH, Buyuk Britaniya va O'zbekistonning yetakchi mutaxassislari ishtirokida kolonoskopiya bo'yicha amaliy mahorat darslari, ilmiy seminarlar va klinik muhokamalar o'tkazilmoqda. Xususan, Anne Liu, Pranay Sinha, Davis Harnett, Nilufar Qahorova, Jacob Dockterman va Selvin Marroquin kabi mutaxassislar dasturda qatnashmoqda.
Mashg'ulotlar davomida zamonaviy kolonoskopiya texnikasi, yo'g'on ichakni to'liq va sifatli tekshirish, poliplar hamda erta neoplastik o'zgarishlarni aniqlash, shubhali hosilalarni baholash va endoskopik tekshiruvlar sifatini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, murakkab klinik holatlar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, ilg'or xorijiy tajribani mahalliy amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari ko'rib chiqilmoqda.



