Andijon davlat universitetida yoshlar uchun kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlariga bag'ishlangan "Kelajak tadbirkori — 2026" yarmarkasi bo'lib o'tdi.

Tadbirda viloyatdagi 95 ta korxona, tashkilot, ta'lim muassasasi va tadbirkorlik subyekti ishtirok etib, jami 880 ta bo'sh ish o'rnini taklif qildi. Yarmarka viloyat oliy ta'lim muassasalarining 9 824 nafar bitiruvchisi, jumladan, 783 nafar talaba uchun ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkonini berdi.

Natijada 189 nafar talaba kasbga yo'naltirildi, 117 nafar talabaning tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilishiga ko'maklashildi. Shuningdek, yoshlarning o'z tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun jami 560 million so'mlik kredit mablag'larini olishga mo'ljallangan vaucherlar topshirildi.

Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, bu tashabbus yoshlar bandligini ta'minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro'yobga chiqarish va istiqbolli biznes g'oyalarini qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.