Andijon viloyati bojxona boshqarmasining "Do'stlik" chegara bojxona postida qo'shni davlatdan kirib kelgan yuk avtomobili Z-portal ko'rik majmuasi xodimida shubha uyg'otib, qizil yo'lakka yo'naltirilgan.
O'tkazilgan bojxona ko'rigi natijasida yuk-kuzatuv hujjatlari va "E-Tranzit" deklaratsiyasida ko'rsatilmagan tovarlar — jumladan, suv nasoslari uchun mo'ljallangan 4 ming dona gidroakkumulyator va bog'-xo'jalik ishlarida foydalaniladigan 4 ming 50 dona zanjirli arra topilgan. Ularning dastlabki qiymati 2 milliard 225 million so'mni tashkil etadi.
Aniqlangan holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tovarlar bayonnoma asosida vaqtincha saqlovga olingan. Hozirda voqeaga huquqiy baho berish va barcha tafsilotlarni aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.



