Andijon viloyati bojxona boshqarmasining "Do'stlik" chegara bojxona posti xodimlari Davlat chegara qo'shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda bojxona nazorati jarayonida yuk avtomobilidan deklaratsiya qilinmagan katta miqdordagi valyuta mablag'larini aniqladi.
Ma'lum bo'lishicha, O'zbekistondan Qirg'iziston tomon harakatlanayotgan, xorijlik fuqaro boshqargan yuk mashinasi belgilangan tartibda bojxona ko'rigidan o'tkazilgan. Haydovchi dastlab o'zida va mashinasida me'yordan ortiq valyuta yo'qligini aytgan, biroq keyingi tekshiruvda uning sumkasida yashirilgan pul mablag'lari borligi aniqlangan.
Tekshiruv natijasida jami 30 ming AQSH dollari, 25 ming 400 Qirg'iziston so'mi hamda 264 ming o'zbek so'mi topilgan. Aniqlangan mablag'lar xolis guvohlar va tarjimon ishtirokida sanab chiqilib, qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olingan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bojxona boshqarmasi fuqarolarni chegaradan valyuta mablag'larini o'tkazishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqirdi.



