Andijon viloyati bojxona boshqarmasining "Do'stlik" chegara bojxona posti xodimlari tomonidan xorijiy valyutani yashirin tarzda olib chiqishga urinish fosh etildi.
O'zbekistondan Qirg'izistonga chiqib ketish maqsadida "Chiqish piyoda" yo'nalishining yashil yo'lagi orqali harakatlangan fuqaro bojxona nazorati hamda shaxsiy ko'rikdan o'tkazilgan. Tekshiruv jarayonida uning bojxona deklaratsiyasida ko'rsatilmagan xorijiy valyuta mablag'lari borligi aniqlangan.
Jami 64 000 AQSh dollari miqdoridagi mablag' fuqaroning paypog'iga yashiringan holda olib chiqilayotgani ma'lum bo'lgan. Aniqlangan valyuta mablag'lari belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.



