Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona posti xodimlari nazorat chog‘ida bir yuk avtomobilining hujjatlarida ko‘rsatilmagan tovarlarni aniqladi.

Xodimlar yuk kuzatuv hujjatlari va elektron deklaratsiyani tekshirar ekan, ularda aks etmagan tovarlar borligidan shubhalanib, transport vositasini “qizil” yo‘lakka yo‘naltirib, qo‘shimcha bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Ko‘rik natijasida hujjatlarda qayd etilmagan, dastlabki qiymati 1 milliard 305 million so‘mni tashkil etuvchi jami beshta turdagi tovar — montaj yelimi, shisha eshiklar uchun qulflar, metall eshik tutqichlari, osma roliklar va eshiklarni avtomatik yopuvchi gidravlik moslamalar — borligi aniqlandi.

Aniqlangan tovarlar belgilangan tartibda bayonnoma asosida vaqtincha saqlovga olindi, voqea yuzasidan hozirda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari davom etmoqda.