Andijon viloyati bojxona boshqarmasining "Xonobod" chegara bojxona posti xodimlari O'zbekistondan Qirg'iziston tomon harakatlanayotgan avtotransport vositasini tekshirish chog'ida yashirin valyuta borligini aniqladi.

Bojxona xodimlarida shubha uyg'ongani sababli avtomobil belgilangan tartibda bojxona ko'rigidan o'tkazilgan. Tekshiruv davomida haydovchi tomonidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, og'zaki so'rov chog'ida ham ma'lum qilinmagan 20 000 AQSH dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta topilgan.

Markaziy bankning 2026-yil 23-oktabrdagi rasmiy kursi bo'yicha aniqlangan mablag' 236 million 778 ming 400 so'mga teng. Topilgan valyuta belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi, holat yuzasidan hozirda qonunchilikda nazarda tutilgan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bojxona boshqarmasi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston qonunchiligiga muvofiq, jismoniy shaxslar ekvivalentda 100 million so'mdan ortiq naqd xorijiy valyutani bojxona chegarasi orqali olib chiqishda faqat qonunda belgilangan tartib va istisnolarga rioya etgan holda yo'l qo'yiladi.