O'zbekistonda hozirda 3 million 800 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ushbu ta'minot tizimi ilgari to'liq davlat monopoliyasida bo'lib, endilikda unga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari joriy etilmoqda.
Shu doirada tadbirkorlar ishtirokidagi birinchi sinov loyihasi aynan Andijon viloyatida boshlandi. Loyiha suyultirilgan gazni xususiy tadbirkorlik subyektlari orqali yetkazib berish amaliyotini sinovdan o'tkazishga qaratilgan.
Ma'lum qilinishicha, kelasi yildan boshlab suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasini butun respublika bo'ylab xususiy sektorga topshirish maqsad qilib qo'yilgan. Andijondagi tajriba ushbu kengaytirish jarayonida asos sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.
Masalaning muhokamasi chog'ida davlat rahbari bu jarayonda ta'minotning uzluksizligi, xavfsizlik va aholiga ko'rsatiladigan xizmat sifati eng muhim mezon bo'lishi lozimligini alohida ta'kidlagan.



