Kadastr agentligi direktorining tegishli buyrug'iga asosan Andijon viloyatidagi bir qator tuman bo'limi rahbarlari boshqa tumanlarga o'tkazildi.

Xususan, Baliqchi tumani bo'limi boshlig'i bo'lib ishlagan Boburbek Rahimov Ulug'nor tumani bo'limi boshlig'i lavozimiga, aksincha, Ulug'nor tumani bo'limi boshlig'i Diyorbek Isaqov esa Baliqchi tumani bo'limi boshlig'i lavozimiga o'tkazildi. Shuningdek, Buloqboshi tumani bo'limi boshlig'i Nizomiddin Qodirov Xo'jaobod tumaniga, Xo'jaobod tumani bo'limi boshlig'i bo'lib ishlagan Madiyorbek Usmonov esa Jalaquduq tumani bo'limi boshlig'i lavozimiga tayinlandi.

Bugun Kadastr agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig'i ishtirokida tashkiliy yig'ilishlar o'tkazilib, yangi lavozimga o'tkazilgan rahbarlar mehnat jamoalari va tuman sektor rahbarlariga tanishtirildi. Yig'ilishlarda yangi lavozimda faoliyatni samarali tashkil etish, aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash, fuqarolar manfaatlarini ta'minlash hamda xizmatlar sifatini oshirish bo'yicha tegishli ko'rsatmalar berildi.

Agentlik rahbariyati bildirishicha, bunday rotatsiya tajriba almashish, ish samaradorligini oshirish va hududlardagi ilg'or tajribalarni keng joriy etish maqsadida amalga oshirilmoqda.