Andijon viloyatida yer resurslaridan foydalanish borasidagi qonuniylikni ta'minlash maqsadida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi hamda tuman va shahar bo'limlari tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan yer nazorati tadbirlari izchil olib borilmoqda.

Boshqarma ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning yakunlangan qismida inspektorlar tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida 2621 ta holatda jami 101,6 gektar yer maydoni o'zboshimchalik bilan egallangani aniqlangan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan olib borilgan targ'ibot va tushuntirish ishlari natijasida 1909 ta holat ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan. Shu bilan birga, 305 ta holat bo'yicha hujjatlar sud organlariga, 76 ta holat bo'yicha esa prokuratura organlariga yuborilgan.

Kadastr agentligi vakillari yer munosabatlarida qonuniylikni ta'minlash yuzasidan nazorat ishlari izchil davom ettirilayotganini ta'kidladi.