Andijon viloyati prokuraturasining xabar berishicha, viloyat prokurori Paxtaobod tumani hokimligida tuman tadbirkorlari bilan ochiq muloqot uchrashuvini o'tkazdi. Tadbirda 250 nafardan ortiq tadbirkorlik sub'ekti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ishbilarmonlardan tadbirkorlik faoliyatini yuritishda uchraydigan muammolar, investitsiyalarni jalb qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish va biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha 140 dan ortiq murojaat va taklif qabul qilingan. Ulardan 40 dan ortig'i joyning o'zida hal etilgan.
Muhokama qilingan masalalar orasida moliyaviy yordam olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish hamda faoliyatga to'sqinlik qilayotgan boshqa omillarni bartaraf etish masalalari ham bo'lgan. Ko'tarilgan muammolarni hal qilish yuzasidan tegishli tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Prokuratura vakillarining ta'kidlashicha, bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

