Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatida tashrif bilan bo'lib turibdi.
Delegatsiya tashrifi Vitebskni ozod etish yo'lida halok bo'lgan o'zbekistonlik jangchilar xotirasiga bag'ishlangan yodgorlik belgisining ochilish marosimida ishtirok etishdan boshlandi.
Marosimda Andijon viloyati delegatsiyasi a'zolari, Vitebsk viloyati ijroiya qo'mitasi raisi, shuningdek O'zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi qatnashdi. Tadbir davomida tinchlik va ozodlik uchun jon fido qilgan yurtdoshlar xotirasiga ehtirom bildirilib, yodgorlik poyiga gullar qo'yildi.
Ma'lum bo'lishicha, ushbu xotira maskanida 17,9 mingdan ziyod jangchining nomi abadiylashtirilgan bo'lib, ularning 700 nafardan ortig'i o'zbekistonlik, qariyb 50 nafari esa andijonlik bo'lgan.

