Andijon tumanida yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan "Bo'lajak kitobxon" loyihasi sentyabr oyida faol davom ettirildi. Bir oy ichida tumandagi 57 maktabda kitobxonlik muhiti o'rganilib, o'quvchilar bilan uchrashuv va targ'ibot tadbirlari tashkil etildi.
Jumladan, shu maktablardan atigi 7 tasining o'zida 1914 nafar o'quvchi bilan bevosita muloqot o'tkazilgan. Bundan tashqari, tumandagi 6 mahallada yoshlar va fuqarolar ishtirokida alohida uchrashuvlar tashkil etilib, ularda jami 237 nafar kishi qatnashdi.
Loyihaning eng muhim natijasi sifatida 10 763 nafar o'quvchining "Bo'lajak kitobxon" loyihasi birinchi bosqich imtihonida ishtirok etgani qayd etildi. Shu bilan birga, bir oy mobaynida loyihaning Telegram boti 10 700 nafar foydalanuvchiga, kanali esa 14 ming nafar a'zoga ega bo'ldi.
Tashkilotchilar ma'lumotiga ko'ra, aholidan jami 150 ta kitob yig'ib olinib, mahalliy kutubxonalarga topshirilgan. Shuningdek, loyihaning yangi raqamli platformasi ham taqdim etilgan bo'lib, bu Andijon tumanida kitobxonlik harakatining yanada kengayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.



