Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 12-oktyabr kuni kechqurun Andijon shahrida yuz bergan hodisa haqida xabar kelib tushdi. Boshqarma ma'lumotiga ko'ra, soat 22:19da 112 tizimi orqali Andijon shahar, Bo'ston MFY hududidagi U.Yusupov ko'chasida joylashgan "Uyg'ur" podstansiyasida elektr simlarining qisqa tutashuvi sodir bo'lgani haqida xabar berilgan.

Xabar kelib tushgach, yong'in-qutqaruv ekipaji va barcha mas'ullar zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Boshqarma hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmaganini ma'lum qildi.

Hozirda hodisa oqibatlarini bartaraf etish hamda hudud elektr energiyasi ta'minotini qayta tiklash yuzasidan tegishli mas'ullar tomonidan zarur choralar ko'rilmoqda.