Andijon shahrida transport tirbandligini bartaraf etish maqsadida yana bir yirik infratuzilma loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bobur shohko'chasi bilan O'zbekiston ko'chasi kesishgan hududda yangi yo'l estakadasi (ko'prik) qurilishi ko'zda tutilgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hozirda ushbu chorrahadan sutkasiga 42 mingdan ortiq avtotransport vositasi o'tadi, bu esa doimiy tirbandlik va yo'l harakati xavfsizligiga oid muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababli mazkur hududda uzunligi taxminan 350–400 metrni tashkil etadigan estakada barpo etish taklif qilingan.

Loyihaning taxminiy qiymati 175 milliard so'mni tashkil etishi ma'lum qilindi. Estakada qurilishi Bobur shohko'chasi bo'ylab transport harakatining uzluksiz bo'lishini ta'minlash, chorrahadagi tirbandlikni kamaytirish hamda piyodalar harakati xavfsizligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Loyiha amalga oshirilishi bilan bog'liq keyingi bosqichlar va aniq muddatlar haqida qo'shimcha ma'lumotlar keyinchalik e'lon qilinishi kutilmoqda.