Andijon shahrida 2026-yilgi investitsiya dasturi doirasida diametri 1200 millimetrli yangi markaziy oqava suv tarmogʻini qurish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar munosabati bilan “Oʻzbekiston” koʻchasi boʻylab oʻtgan diametri 600 millimetrli markaziy ichimlik suvi tarmogʻini boshqa yoʻnalishga koʻchirish zarurati tugʻilgan.
Shu sababli 6-oktyabr kuni soat 8:00 dan 17:00 gacha Farobiy, Mustaqillik, Bobur, Hamdoʻstlik, Maydonbozor, Ozodlik, Soy, Dalvarzin, Uzumzor, Madaniyat, Oʻzgarish, Sarvontepa va Hunarmandi mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida ichimlik suvi bosimi pasaytiriladi, ayrim joylarda taʼminot vaqtincha toʻxtatiladi.
“Andijon suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati maʼlumotiga koʻra, taʼminot toʻxtatilgan va muammo yuzaga kelgan hududlar aholisi ushbu muddat davomida maxsus suv tashish transport vositalari orqali ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun aholidan uzr soʻragan.



