Andijon viloyati prokuraturasi tadbirkorlik subyektlari uchun yangi murojaat kanalini yo‘lga qo‘ydi. Idora tomonidan "TadbirkorgaKomakBot" nomli maxsus Telegram boti ishga tushirildi.

Endilikda tadbirkorlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammolar va to‘siqlar yuzasidan ushbu bot orqali bevosita viloyat prokuroriga murojaat yo‘llashlari mumkin bo‘ladi. Bu esa murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish va tezlashtirishga xizmat qiladi.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, bot "Prokuror - tadbirkorga ko‘makchi" tamoyili asosida ishlaydi va unga yuborilgan barcha murojaatlar holisona hamda adolatli tarzda o‘rganiladi.

Shuningdek, idora tadbirkorlarni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari - Telegram, Instagram va Facebook kanallariga obuna bo‘lishga taklif qildi, bu orqali eng so‘nggi yangiliklar va e’lonlardan xabardor bo‘lish mumkin bo‘ladi.