Andijon viloyati delegatsiyasi AQShning "Oppenheimer & Co." investitsiya banki vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv davomida xalqaro kapital bozorlaridan 300 million AQSh dollari miqdorida mablag' jalb qilish tashabbusi muhokama qilindi.
Mazkur loyihani "Andijon Invest" aksiyadorlik jamiyati xalqaro korporativ obligatsiyalar — evrobondlarni chiqarish orqali amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar davomida obligatsiyalarni xalqaro investorlarga taqdim etish, mablag' jalb qilish mexanizmlari hamda moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanish masalalari, shuningdek, loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar tashabbusning asosiy maqsadi vilyoatning investitsiyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro moliya bozorlari bilan aloqalarni mustahkamlash hamda istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun qo'shimcha manbalarni jalb etish ekanini ta'kidlab, hamkorlikni rivojlantirish borasidagi amaliy qadamlarni o'rganishni davom ettirishga kelishib oldilar.



