Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahri va tumani hududlariga tutash "Aeroport" chorrahasidagi temir yo'l kesishmasida shlagbaumning uzoq vaqt yopiq turishi hamda bu sababli transport vositalarining tirbandligi haqida murojaat tarqalgan edi.
Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligini boshqarish bosh boshqarmasi Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash boshqarmasi bu borada rasmiy izoh berdi. Ma'lum qilinishicha, ko'rsatilgan manzilda avtomatik tarzda tushib-ko'tariladigan shlagbaum bilan jihozlangan temir yo'l kesishmasi mavjud.
Poezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida temir yo'l kesishmasi yopiq bo'lgan vaqtlarda, ayrim holatlarda, transport vositalarining to'planishi va tirbandliklar yuzaga kelishi kuzatiladi.
Shu munosabat bilan haydovchilardan temir yo'l kesishmalarida o'rnatilgan svetofor va shlagbaum talablariga qat'iy rioya qilish, sabrli bo'lish hamda harakat xavfsizligini birinchi o'ringa qo'yish so'ralmoqda. Idora yo'ldagi bir necha daqiqalik kutishdan ko'ra, inson hayoti va xavfsizligi ustunligini alohida ta'kidlamoqda.



